Hurmatli mijozlar!O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi 1/1-son qaroriga muvofiq, “YANGI BANK” AJning bank faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyasini chaqirib olish va bankni majburiy tartibda tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tugatish komissiyasining tarkibi tasdiqlanib, unga bank majburiyatlarini bajarish va to‘lovlarni qabul qilish bilan bog‘liq barcha harakatlarni amalga oshirish vakolati berildi.
Qarz olgan yuridik shaxslar diqqatiga ma’lum qilamiz:
1. Bank litsenziyasining chaqirib olinganligi qarz oluvchilarning amaldagi Faktoring kelishuvlari bo‘yicha majburiyatlarni bekor qilmaydi va o‘zgartirmaydi.
2. Asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa to‘lovlarni so‘ndirish bo‘yicha barcha majburiyatlar to‘liq hajmda hamda tuzilgan shartnomalarda belgilangan muddatlar, shartlar va to‘lov jadvallariga muvofiq bajarilishi shart.
3. Kredit va boshqa majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlar “YANGI BANK” AJ Tugatish komissiyasining quyida ko‘rsatilgan rekvizitlari bo‘yicha o‘tkazilishi kerak.
Kredit va boshqa to‘lovlarni so‘ndirish uchun rekvizitlar:
Qabul qiluvchi: “YANGI BANK” AJ Tugatish komissiyasi
Manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, A. Temur ko‘chasi, 99-uy
STIR: 201 053 774
IFUT: 64190
Hisobraqam (so‘m): 29896 000 9 00000014 107
Markaziy bank Toshkent sh. Hisob-kassa markazi
MFO: 00014
e-mail: info@yangi.uz
Aloqa markazi raqami: +998 78 777 88 87
Majburiyatlarni bajarish tartibi:
- To‘lovlar shartnomada nazarda tutilgan amaldagi to‘lovlar jadvaliga qat’iy muvofiq tartibda amalga oshiriladi.
- To‘lov maqsadida Faktoring kelishuvining raqami va sanasi (“VFL” yoki “TF” prefiksiga ega), qarzdorning nomi hamda moliyalashtirishni/foizlarni so‘ndirishga qaratilishi ko‘rsatilishi kerak.
- To‘lovlar kechiktirilgan taqdirda, Tugatish komissiyasi shartnoma va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan choralarni qo‘llashga haqli.
Qarzdorlik summasi, to‘lovlar jadvali yoki mablag‘larni o‘tkazish tartibi bo‘yicha savollar yuzaga kelgan taqdirda, ko‘rsatilgan aloqa ma’lumotlari orqali Tugatish komissiyasiga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Tugatish va qarzdorlikni undirish bo‘yicha barcha tartib-taomillar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, jumladan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonunlarga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot bankning https://yangi.uz rasmiy saytida e’lon qilinadi va mijozlarga rasmiy aloqa kanallari orqali yetkaziladi.
Hurmat bilan,
“YANGI BANK” AJ
Tugatish komissiyasi



